OLIY VA O’RTA MAXSUS, KASB-HUNAR TA’LIM MUASSASALARINING AXBOROT-RESURS MARKAZLARI TO’G’RISIDA NAMUNAVIY NIZOM
1.Umumiy qoidalar
1.1.Axborot-resurs markazi (keyingi o’rinlarda ARM deb ataladi) ta’lim muassasasi tarkibida O’zbekiston Respublikasi Prezidentining «Respublika aholisini axborot-kutubxona bilan ta’minlashni tashkil etish to’g’risida» 2006 yil 20 iyundagi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil etiladi. 1.2.ARM ta’lim muassasasi rahbariyatiga bo’ysunadi. 1.3.ARM ta’lim muassasasi tomonidan uning tarkibiy bo’linmasi sifatida mablag’ bilan ta’minlanadi.
1.4.ARM o’z faoliyatida O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, qonunlariga, ta’lim muassasalari boshqaruv organlarining qarorlari, buyruqlari va boshqa normativ-huquqiy hujjatlariga, ta’lim muassasasi ustaviga, rahbariyatning buyruqlari va farmoyishlariga, ichki tartib qoidalariga hamda ushbu Nizomga amal qiladi. 1.5.ARM o’z faoliyati bilan aholi barcha qatlamlarining axborot resurslari va kutubxona fondidan erkin foydalanish huquqini ta’minlaydi. 1.6.Axborot-resurslari va kutubxona fondidan foydalanish tartibi, asosiy xizmatlar ro’yxati, ularni ko’rsatish shartlari, foydalanuvchilarniig huquqlari va javobgarligi ARMdan foydalanish qoidalarida belgilanadi. 1.7.ARMlariga umumiy rahbarlik O’zbekiston Respublikasi Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan amalga oshiriladi. 1.8.ARMlariga umumiy tashkiliy-metodik rahbarlik, ularning ishlarini muvofiqlashtirish O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Maxkamasi huzuridagi Respublika axborot-kutubxona tizimi faoliyatini muvofiqlashtirish bo’yicha Idoralararo kengash idoraviy va hududiy metodik markazlar tizimi orqali: O’zbekiston Milliy kutubxonasi - respublika metodik markazi, Idoralararo kengashning ishchi organi orqali; Mirzo Ulugbek nomidagi Milliy universitetning ilmiy kutubxonasi - Oliy ta’lim muassasalari ARMlarining metodik markazi orqali; Qoraqalpog’iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar axborot-kutubxona markazlari - mintaqaviy metodik markazlar orqali amalga oshiriladi.
2.Asosiy vazifalari
2.1. Axborot texnologiyalaridan foydalangan holda foydalanuvchilarning muntazam ta’lim olishiga va mustaqil ravishda ta’lim olishiga ko’maklashish. 2.2. Milliy ma’naviy-axloqiy qadriyatlarni keng targ’ib qilish va xalqning madaniy-tarixiy merosidan bahramand bo’lishni ta’minlash, ma’naviy boy va uyg’un kamol topgan shaxsning ijodiy o’sishi uchun imkoniyatlar yaratish. 2.3. Axborotlarga bo’lgan talablarga muvofiq va ARM ma’lumotlar qidirish apparati tizimi orqali har qanday fondlardan keng foydalangan holda yangi axborot texnologiyalari (ma’lumotlarning elektron bazalari, Internet resurslari) asosida axoliga zarur darajada axborot xizmati ko’rsatish. 2.4. Axborot madaniyatini tarbiyalash, foydalanuvchilarni axborotlar qidirishning zamonaviy uslublariga o’qitish. 2.5. Axborot jarayonlarining zamonaviy texnologiyalarini va kompyuterlashtirishni joriy etish asosida ishlarni takomillashtirish. 2.6. Ta’lim muassasasi sohasiga va foydalanuvchilarning axborotlarga bo’lgan ehtiyojlariga muvofiq ARM fondini shakllantirish. Ma’lumotlar qidirish apparatini, ma’lumotlar bazalarini, kataloglar va kartotekalarni tashkil etish va yuritish. 2.7. Madaniy, ta’lim, axborot va boshqa dasturlar, loyihalar, aktsiyalarni birgalikda amalga oshirish uchun, shuningdek foydalanuvchilarning hujjatlarga va axborotlarga extiyojlarini yanada to’liq qondirish uchun ARMlar, axborot-kutubxona markazlari (AKMlar), ta’lim muassasalari, o’zini o’zi boshqarish organlari, ijtimoiy ta’minot xizmatlari, milliy madaniy markazlar bilan hamkorlikni, faoliyatni muvofiqlashtirish va kooperatsiyalashni rivojlantirish. 2.8. ARM xizmatlari ro’yxatini kengaytirish, texnik jihozlash, axborot jarayonlarini kompyuterlashtirish asosida xizmatning sifatini oshirish. 2.9. Rivojlangan davlatlar tajribasini o’rganish, tahlil qilish va sohani rivojlantirish borasida ilmiy tadqiqotlar olib borish.
3. Asosiy funktsiyalari
3.1.O’quv zallarida, abonementlarda hamda yagona kitobxon bileti bo’yicha kitoblar berishning boshqa punktlarida, yakka tartibda va guruhlar bo’yicha xizmat ko’rsatish metodlarini qo’llagan holda, foydalanuvchilarga tabaqalashtirilgan xizmat ko’rsatishni tashkil etadi.
3.2.O’quv yurti kafedralarida, o’quv markazlarida, laboratoriyalarida shakllantirilgan elektron axborot resurslarini to’plash, tizimlash, kataloglashtirishni amalga oshiradi. Elektron kataloglashtirish bibliografik axborotni taqdim etish va uzatishning xalqaro formatlari (MAKS formatlari) talablariga qat’iy muvofiq holda olib boriladi. ARMda ma’lumotlarning original tematik bazalarini yaratish yo’li bilan ta’lim muassasalarining axborot resurslarini shakllantirishi mumkin.
3.3.ARM foydalanuvchilarni asosiy axborot xizmatlari bilan bepul ta’minlaydi: - kataloglar, kartotekalar tizimi va axborotlar berishning boshqa shakllari orqali ARM fondi tarkibi to’g’risida to’liq axborot beradi; - matbaa asarlari va boshqa hujjatlarni qidirish va tanlashda maslahat yordami ko’rsatadi; - ARM fondlaridan hujjatlarni vaqtincha foydalanish uchun beradi; - ta’lim muassasasining ilmiy va o’quv ishlariga yordam sifatida bibliografik ko’rsatkichlar, adabiyotlar ro’yxatlari tuzadi; tematik, adresli va boshqa bibliografik ma’lumotlar beradi; bibliografik sharhlar o’tkazadi; kitob ko’rgazmalari tashkil qiladi; - foydalanuvchilar, rahbariyat, professor-o’qituvchilar tarkibi, ilmiy xodimlar va aspirantlarning axborotlarga bo’lgan ehtiyojini aniqlaydi, o’rganadi va muntazam ravishda aniqlashtirib boradi.
3.4.ARM foydalanuvchilarga boshqa xizmatlar, shu jumladan ro’yxati ARMdan foydalanish qoidalarida belgilanadigan pulli xizmatlar ko’rsatadi. Kichik va o’rta biznes korxonalariga, uyushmalar va boshqa tashkilotlarga shartnomalar bo’yicha kutubxona-axborot xizmati ko’rsatishni tashkil qiladi. Kitobxonlarga kutubxonalararo abonement bo’yicha, shu jumladan elektron pochtadan foydalangan holda xizmat ko’rsatadi. 3.5.ARM axborotlarni qidirib topish, ularni mustaqil ta’lim olishda, o’quv jarayonida va ilmiy ishlarda qo’llash, ARMning ma’lumotnoma-bibliografik apparatiga, axborot tizimlariga va ma’lumotlar bazalariga tayanish ko’nikmalarini shakllantiradi. 3.6.Foydalanuvchilar uchun informatika va bibliografiya asoslari bo’yicha mashg’ulotlar tashkil qiladi. 3.7.Mintaqaning boshqa ARMlari bilan muvofiqlashtirilgan holda aholining axborotlarga bo’lgan talablari, shuningdek ta’lim - kasb hunar dasturlari, o’quv rejalari hamda ilmiy tadqiqotlar tematikalariga muvofiq fondning jamlanishini ta’minlaydi. O’quv, ilmiy, davriy, ma’lumotnoma, badiiy adabiyotlar va boshqa turdagi nashrlarni sotib oladi. 3.8.Fondlarni jamlash manbalarini mustaqil ravishda belgilaydi. ARMlar hamda respublikadagi boshqa muassasa va tashkilotlar bilan kitoblar va elektron resurslar ayirboshlashni, shuningdek zaruriyatga ko’ra xorijiy mamlakatlarning kutubxonalari va tashkilotlari bilan xalqaro kitoblar va elektron resurslar ayirboshlashni amalga oshiradi. 3.9.Fondlarni jamlash rejalariga tuzatishlar kiritish, ta’lim muassasalari uchun adabiyotlar chiqarishni rejalashtirish hamda foydalanuvchilarning va fondlar tarkibining axborotlarga bo’lgan ehtiyojlariga muvofiqlashtirish maqsadida kitobxonlar talabi qondirilishi darajasini o’rganadi. Barcha toifadagi foydalanuvchilarning o’quv va ilmiy-ommabop adabiyotlar bilan ta’minlanganligini tahlil qiladi. Ilg’or axborot-kutubxona va elektron axborot resurs texnologiyasini, tadqiqot ishlari natijalarini joriy etadi. Foydalanuvchilar qiziqishlarini o’rganish maqsadida sotsiologik tadqiqotlar o’tkazadi. 3.10.Fondlarni hisobga olish va joylashtirishni amalga oshiradi, ularning saqlanganligini, saqlash rejimini, hujjatlar nusxasini olishni va mikrofilmga hamda elektron formatga ko’chirishni ta’minlaydi. 3.11.Hujjatlarni chiqarib tashlashning ta’lim muassasasi rahbariyati bilan kelishilgan tartibiga, amaldagi normativ va huquqiy hujjatlarga muvofiq hujjatlarni ARM fondidan chiqaradi va sotadi. Sohaga oid bo’lmagan va ortiqcha, o’xshash adabiyotlarni qayta taqsimlashni amalga oshiradi. Kitoblarni belgilangan tartibda aholiga sotishni tashkil qiladi. 3.12.Fondlarni ko’p sohali bibliografik aks ettirish yordamida an’anaviy va elektron manbalarda kataloglar va kartotekalar tizimini yuritadi. 3.13.Foydalanuvchilarga avtomatlashtirilgan rejimda tezkorlik bilan turli xizmatlar ko’rsatish imkonini beradigan respublika yig’ma kataloglarini, shu jumladan elektron kataloglarni tuzishda qatnashadi. 3.14.Boshqa ARMlar, kafedralar, ilmiy jamiyatlar, ta’lim muassasalarining jamoat tashkilotlari, respublika AKMlari bilan ijodiy va axborot aloqalarini rivojlantiradi. 3.15.Kutubxonalar, arxivlar, ma’lumotlarning axborot bazalariga ega bo’lgan boshqa korxonalar, muassasalar, tashkilotlar bilan amaldagi qonun hujjatlariga, davlat dasturlariga, shuningdek muassasalar va tashkilotlar o’rtasida tuzilgan shartnomalarga muvofiq o’zaro hamkorlik qiladi.
4.ARMlarning huquq va majburiyatlari
4.1.ARM quyidagi huquqlarga ega: Nizomda ko’rsatilgan maqsadlar va vazifalarga muvofiq o’z faoliyatining mazmun va shakllarini mustaqil ravishda belgilash; ARM tuzilmasini, shtat ro’yxatini va undan foydalanish qoidalarini ishlab chiqish hamda ularni ta’lim muassasasi rahbariyati tomonidan tasdiqlash; markazga berilgan mablag’larni tasarruf etish; yagona tarif setkasi asosida, mehnatga haq to’lash fondi doirasida lavozim maoshlarini; lavozim maoshlariga ustamalar va qo’shimcha to’lovlarni; xodimlarni mukofotlash tartibi va miqdorlarini belgilash; ARMdan foydalanish qoidalariga muvofiq, foydalanuvchilar tomonidan ARMga etkazilgan zararni undirish turlari va miqdorlarini belgilash; yuridik va jismoniy shaxslar bilan shartnomalar asosida ARM fondidan foydalanish shartlarini belgilash; ta’lim muassasasining ta’lim-kasb-hunar dasturlari, o’quv rejalari, ilmiy-tadqiqot ishlari tematikasi bilan tanishish, uning tarkibiy bo’linmalaridan ARM oldiga qo’yilgan vazifalarni hal etish uchun zarur bo’lgan materiallar va ma’lumotlarni olish; turli muassasalarda, tashkilotlarda ta’lim muassasasi nomidan vakillik qilish, kutubxona va axborot-bibliografik faoliyat masalalari bo’yicha ilmiy konferentsiyalar, yig’ilishlar va seminarlar ishida bevosita qatnashish; boshqa ARMlar, kutubxonalar, tashkilotlar bilan belgilangan tartibda yozishmalar olib borish; amaldagi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda axborot-kutubxona birlashmalariga kirish; axborot-kutubxona ishini rivojlantirishning davlat va mintaqaviy dasturlarini amalga oshirishda tanlov yoki boshqa asosda qatnashish; xorijiy davlatlarning ARMlari, kutubxonalari hamda boshqa muassasa va tashkilotlari bilan belgilangan tartibda hamkorlikni amalga oshirish, shu jumladan zaruriyatga ko’ra xalqaro kitoblar ayirboshlashni yuritish, belgilangan tartibda xalqaro tashkilotlarga a’zo bo’lib kirish, xalqaro kutubxonachilik va boshqa dasturlarni amalga oshirishda qatnashish. 4.2.ARM fondlarning saqlanishi uchun javob beradi. 4.3.Ta’lim muassasasi ARM o’zining vakolatiga taalluqli funktsiyalarning bajarilmagani uchun qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradi. 4.4.Axborot fondlariga zarar etkazilishida aybdor bo’lgan ARM xodimlari amaldagi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda javob beradilar. 4.5.ARM xodimlarining mehnat munosabatlari O’zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq tartibga solinadi.
5.Boshqarish. Tuzilmasi va shtatlari. Moddiy-texnika ta’minoti
5.1.ARMga rahbarlik direktor (mudir) tomonidan amalga oshiriladi, u ta’lim muassasasi tomonidan, oliy kasbiy ma’lumotli va ixtisosi bo’yicha kamida 5 yil ish stajiga ega bo’lgan mutaxassislardan, mehnat shartnomasi (kontrakti) bo’yicha tayinlanadi. 5.2.Direktor (mudir) o’z vakolati doirasida ishlarning natijalari uchun to’liq javob beradi, barcha xodimlar uchun majburiy bo’lgan farmoyishlar va ko’rsatmalar chiqaradi. 5.3.ARM xodimlari shartnoma (kontrakt) tuzish yo’li bilan ishga qabul qilinadi. 5.4.ARM huzurida maslahatlashuv organi sifatida, ishlarni boshqa ARM, AKM, kutubxonalar, ta’lim muassasasining ilmiy va o’quv bo’linmalari bilan kelishish uchun ARM kengashi tashkil etiladi. Kengash tarkibi ARM direktori (mudiri) taqdimiga ko’ra ta’lim muassasasi rahbariyati tomonidan tasdiqlanadi. Kitobxonlar kutubxona muassasasi bilan kelishgan holda tashkil etiladigan homiylar kengashlari yoki kitobxonlarning boshqa birlashmalari faoliyatida qatnashadilar. 5.5.ARM o’z faoliyati to’g’risida belgilangan tartibda hujjatlarni yuritadi hamda hisobotlarni, ish rejalarini va boshqa axborotlarni taqdim etadi. 5.6.ARM tuzilmasi muayyan ta’lim muassasasi uchun yakka tartibda ishlab chiqiladi va an’anaviy bo’linmalar (abonementlar, o’quv zallari va boshqalar)dan tashqari innovatsiya bo’limlari, sektorlar (avtomatlashtirish, marketing bo’limlari va boshqalar)ni o’z ichiga olishi mumkin. 5.7.ARMning boshqaruv va xizmat ko’rsatish xodimlari soni ta’lim muassasalarining ARM Namunaviy shtatlari asosida, ARM oldida turgan vazifalarni hisobga olgan holda hamda xizmat ko’rsatiladigan aholi va ta’lim muassasasi o’quvchilari sonidan kelib chiqib, belgilangan tartibda shakllantiriladi. 5.8.Ta’lim muassasasi rahbariyati resurslar jamlashni kafolatli moliyalashtirishni, ARMni amaldagi me’yorlarga muvofiq zarur xizmat va ishlab chiqarish xonalari, kompyuterlar hamda nusxa ko’chirish-ko’paytirish texnikasi, aloqa kanallari va tashkiliy texnika bilan ta’minlaydi. 5.9.ARM ta’minoti uchun xarajatlar ta’lim muassasasining umumiy xarajatlar smetasida nazarda tutiladi. 5.10.ARM o’zining subhisob raqamiga ega bo’lishi mumkin, unga markaz tomonidan pulli qo’shimcha xizmatlar ko’rsatish hisobiga jalb etiladigan mablag’lar kiritiladi.
6.ARMni qayta tashkil etish va tugatish
6.1.ARMni qayta tashkil etish va tugatish (qo’shish, ajratish, ayirish, birlashtirish, qayta o’zgartirish) O’zbekiston Respublikasi Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligi qaroriga ko’ra, amaldagi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladi. 6.2.ARMni qayta tashkil etishda barcha hujjatlar (boshqaruv, moliya-xo’jalik hujjatlari, shaxsiy tarkib bo’yicha hujjatlar va boshqalar), mol-mulk va fondlar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda beriladi.
O’z.R. OO’MTV 07.12.2006 y |