UMUMTA’LIM MAKTABLARINING 9-SINF BITIRUVCHILARINI AKADEMIK LITSEYLAR VA KASB-HUNAR KOLLEJLARIDA O’QITISH BILAN QAMRAB OLISHNI TA’MINLASH BO’YICHA NORMATIV-HUQUQIY BAZANI YANADA TAKOMILLASHTIRISH TO’G’RISIDA
(O’zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to’plami, 2010 y, 23-son, 184-modda) «Ta’lim to’g’risida»gi O’zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq hamda umumta’lim maktablarining 9-sinf bitiruvchilarini akademik litseylar va kasb-hunar kollejlarida o’qitish bilan to’liq qamrab olishni ta’minlash, iqtisodiyotning real tarmoqlarida talab mavjud bo’lgan mutaxassisliklar bo’yicha o’rta maxsus, kasb-hunar ma’lumotli kadrlar tayyorlash darajasi va sifatini oshirishni ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1.Quyidagilar: Umumta’lim maktablarining 9-sinf bitiruvchilarini o’rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalariga qabul qilish ko’rsatkichlarini shakllantirish tartibi to’g’risidagi Nizom 1-ilovaga muvofiq;
Umumta’lim maktablarining 9-sinf bitiruvchilarini o’rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalariga qabul qilish va rasmiylashtirishni tashkil etish tartibi to’g’risidagi Nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2.O’zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligining O’rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi, O’zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi, Qoraqalpog’iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar tasdiqlangan Nizomlarga qat’iy amal qilsinlar hamda ularda belgilangan talablarga belgilangan muddatlarda so’zsiz rioya qilinishini ta’minlasinlar.
3.O’zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi: manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda umumta’lim maktablarining 8-9-sinf o’quvchilarini kasbga yo’naltirish va psixologik-pedagogik tashxis ishlarini aniq maqsadni ko’zlab, samarali va muntazam tashkil etsin; bir oy muddatda o’quvchilarni kasbga yo’naltirish va psixologik-pedagogik tashxis tizimini tanqidiy ko’rib chiqsin va O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga Xalq ta’limi muassasalarida psixologik xizmat to’g’risidagi Nizom loyihasini kiritsin;
O’zbekiston Respublikasi Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligining O’rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi bilan birgalikda umumta’lim maktablarining 9-sinf bitiruvchilarini akademik litseylar va kasb-hunar kollejlarida o’qitish bilan to’liq qamrab olishni ta’minlash to’g’risidagi ma’lumotlarning xolisligini muntazam tekshirib borsin.
4.O’zbekiston Respublikasi Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligining O’rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda: qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o’zgartirishlar va qo’shimchalar to’g’risida O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin; idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O’zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o’rinbosari A.N.Aripov zimmasiga yuklansin.
O’zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOEV
Toshkent sh; 2010 yil 7 iyun, 109-son
|